12.uz - Shu yilning 31-mart kuni O’zbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi Toshkent Fotosuratlar uyida Xalqaro Kulgi Kuniga bag’ishlangan karikaturalar ko’rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Mazkur ko’rgazmada bir qator yosh ijodkorlar, shuningdek, karikatura janrida boy tajribaga ega rassomlar o’zlarining so’nggi vaqtlarda yaratgan yumoristik asarlarini namoyish etishdi. Karikaturalarda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, global muammolar, jamiyatimizdagi turli illatlar, shuningdek, ekologiya mavzulari keng o’rin olgan.
Rassomchilikda karikatura janri real hayotimizni o’ziga xos tarzda ifoda etishi bilan boshqa janrlardan ajralib turadi. Karikaturada aks etgan fikrni tushunish uchun odatda insondan kuchli bilim va tafakkur talab qilinmaydi, buning uchun jamiyatda ro’y berayotgan voqea-hodisalarning kuzatuvchisi bo’lishning o’zi kifoya. “Vikipedia” erkin ensiklopediyasida yozilishicha, “karikatura” italyancha "caricare” so’zidan olingan bo’lib, “bo’rttirish”, “oshirib ko’rsatish” degan ma’nolarni anglatadi.
Deyarli har yili xalqaro miqyosdagi karikatura ko’rgazmalari tashkil etiladi. Masalan, Turkiyada bo’lib o’tadigan “Xo’ja Nasriddin”, “Aydin Dogan Vakfi”, Portugaliyada an’anaviy tarzda o’tkaziladigan “World Press Cartoon”, ya’ni “Jahon Matbuot Karikaturasi” ko’rgazmalari shular jumlasidandir. Bu kabi nufuzli ko’razmalarda o’zbek karikaturachi rassomlari ham faol qatnashib, faxrli o’rinlarni, bosh sovrinlarni qo’lga kiritayotganligi quvonarli holdir. Shunday ijodkor rassomlarimizdan biri Shavkat Muzaffarning karikatura haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Shavkat Muzaffar: “Karikatura haqida gap ketganda, avvalo, tariximizga nazar solishni istardim. Alisher Navoiyning zamondoshi Zayniddin Vosifiyning “Badoiy-ul Voqea” asarida keltirilishicha, mashhur rassom Kamoliddin Behzod nafaqat mohir rang-tasvirchi, manzarachi, jang sahnalari tasvirchisi, portretchi, balki karikaturachi rassom bo’lgan ekan. Demak, o’zbek karikaturasi o’zining uzoq tarixiga ega. Lekin u vaqtlar bu kabi rasmlar “karikatura” deb emas, arabcha „muxtalifa“ deb nomlangan. Ya’ni “muxolif”- “o’ziga o’xshamagan” degan ma’noni anglatgan.
Karikaturaga nisbatan turli fikr va qarashlar mavjud. Ba’zi rassomlar uni u qadar jiddiy bo’lmagan san’at turi deyishsa, ba’zilari uchun bu juda muhim janr hisoblanadi. Men ham ijodkor sifatida shuni takidlashim kerakki, karikatura shunchaki kulgili tasvir emas, balki haqiqatda ham juda jiddiy janrdir. U qanchalik yumoristik ruhda bo’lmasin, uning ortida o’tkir satira, ya’ni “achchiq” kulgi yotadi. Bu bilan rassom oddiy fuqaro yoki jamiyat a’zosi sifatida atrofida va dunyoda bo’layotgan voqealarga befarq emasligini ko’rsatadi hamda ijtimoiy-siyosiy muammolar, turli illatlarni fosh etish uchun o’z fikrini bildiradi”.
B.Q: Sizningcha, karikatura jurnalistika sohasida qanday o’rin tutadi?
Sh.M: Karikatura janri tezkorligiga ko’ra jurnalistikaga juda yaqin, deb hisoblayman. Ya’ni, ma’lum bir voqelikka baho berishda karikaturachi rassomdan jurnalistlarga xos tezkorlik talab qilinadi, bunda faqat aytilmoqchi bo’lgan fikr chizgilar orqali ifoda etiladi. Karikaturaning rassomchilikning boshqa janrlaridan farqi shundaki, unda ko’tarilgan mavzu va fikrni ochib bera olish juda muhim hisoblanadi, ranglar yoki tasvirlar ikkinchi darajali bo’lib qoladi. Shuningdek, karikatura asosan matbuot orqali jamoatchilikka taqdim qilinishi bilan ham jurnalistika bilan chambarchas bog’liq, deb o’ylayman. Bolalik kezlarimdanoq karikatura sohasi va o’tmishda o’tgan rassomlar bilan “Mushtum” jurnali orqali tanishganman, shulardan zavqlanganman, ilhom olganman. Shuning uchun ancha yillardan beri shu jurnalda faoliyat yuritmoqdaman. Kuzatuvlarimga ko’ra, hozirda ko’pgina gazetalarimizda karikaturalardan keng foydalanilmoqda.
Ko’rgazmada ishtirok etgan mohir karikaturachi rassomlar ochilish marosimida maxsus diplomlar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, ko’rgazmada mashhur estrada va kinoyulduzlar, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zolariga ishlangan do’stona sharjlar (hazilona portret-suratlar) ham namoyish etildi.
Tashkilotchilarga ko’ra, ko’rgazma 10-aprelga qadar davom etadi.
Binafsha Qalandarova, mustaqil jurnalist
03.04.2009