12.uz - Tarixiy ong, tarixiy xotira yillar o'tgan sayin o'z ahamiyatini saqlab qolishi bilan birga unga bo'lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, bugungi ma'naviy-ruhiy poklanish, yuksak ma'naviyatga erishish jarayonida biz istiqbolimizni avlodlar merosisiz tasavvur eta olmaymiz. Shu jihatdan jamiyatshunos olim, professor Narzulla Jo'raevning 2008 yilda "Ma'naviyat" nashriyotida chop etilgan "Tarix falsafasining nazariy asoslari" kitobi diqqatimni tortdi, deb yozadi "Mohiyat" gazetasida falsafa fanlar nomzodi Vahobjon Qo'chqorov.
Uning fikricha, tarixiy tafakkurga, ajdodlarimiz o'tmishiga, ularning boy madaniy-ma'naviy merosiga murojaat etish orqali biz o'zligimizni chuqurroq tushunib, bugungi kunning dolzarb muammolarini, tobora noyoblashib borayotgan insoniy munosabatimizni, sharqona qadriyatlarimizni anglab boramiz.
Xalqimizning oxirgi uch ming yillik tarixiga nazar solsak, uning atigi 376 yiligina mustaqil yashaganligiga amin bo'lamiz. Shunday ekan, 1991 yilgi istiqlol shaxs hayoti, inson va insoniyat, millat taqdiri uchun ko'p narsani, xususan Yurtboshimizning tarixga, uni xolisona o'rganishga bo'lgan sa'y-harakatlari nafaqat mamlakatimizda, balki jahon hamjamiyatida o'zbek millatining, uning kim, qanday avlodlar vorisi ekanligini ko'rsatib berdi.
Muallif "Tarix falsafasi va ijtimoiy o'zlikni anglash" deb nomlangan birinchi bobda tarixni aniq fakt va voqealar bayoni orqali idrok etishda buyuk shaxslar Gerodot, Fukidid, Avgustin, Gegel, A.Shopengauer, O.Shpengler va boshqalarning tarixni falsafiy anglashga doir qarashlariga e'tibor qaratadi.
Darhaqiqat, tarixiy xotirasiz o'tmishni to'g'ri tushunish mumkin emas. Bu esa o'z-o'zidan tarixiy tajribasiz istiqbolni belgilab bo'lmasligini ko'rsatadi. Tarixni butunligicha, uning butun qirralarini anglab, mulohaza etib, tarixiy tafakkurni shakllantirish bugungi kun davlat va jamiyat taraqqiyotiga yangicha tafakkur bilan yondashish imkonini beradi. Shuning uchun ham Prezident Islom Karimov "Yangicha tafakkurni qaror toptirish, yangicha siyosatni odamlar ongi va qalbiga etkazib beradigan, tarix haqiqatini ochiq-oydin ochib tashlab, kelajakka ishonchni kuchaytirishga da'vat etadigan dovyurak, zamonaviy fikrlaydigan olimlar etishmaydi", deganida ayni tarixnavislik va tarixshunoslikdagi jiddiy nuqsonlarimizni nazarda tutgan edi. Prezidentimiz fikrini davom ettirib, "O'z tarixini bilgan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni engib bo'lmaydi. Biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirish, yana bir bor qurollantirish zarur. Agar olimlarimizning ilmiy tadqiqot zamirida ana shu fikr, ana shu maqsad bo'lmasa, ularning sariq chaqalik ahamiyati yo'q" degan xulosaga kelgan edi. Chunonchi, tarixni falsafiy tushunish va uni o'rganish istiqlolni, uning mazmun-mohiyatini to'g'ri tushunishga va istiqbolni belgilashga xizmat qiladi.
Ta'kidlash joizki, tarix falsafasini Sharqning teran falsafasisiz, uning ulug' namoyandalari qarashlarisiz tasavvur qilish mushkul. N.Jo'raev masalaning shu jihatiga ham alohida e'tibor beradi. Jumladan, kitobda jahon ilm-faniga, xususan, tarix falsafasiga katta hissa qo'shgan Abu Ja'far Tabariy, Abu Bakr Narshaxiy, Abu Muhammad al-Kufiy va boshqa o'nlab o'rta asr olimlarining asarlarida insonning yaralishi, olamning paydo bo'lishi va qadimgi dunyodan 1300 yillargacha bo'lgan mo'g'ullar tarixi bayon etilgan asarlar tahlili keltirilgan. Xususan, muallif tarix falsafasini o'rganar ekan, "ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal" tamoyilini o'zida mujassam etgan "Avesto" ta'limotiga alohida urg'u beradi.
Muallif ijtimoiy tafakkurning ilk shakllanish bosqichida "Avesto" o'ziga xos "sakrash" hodisasi sifatida dunyoga kelganini ta'kidlar ekan, uning tarixiy-falsafiy mohiyatini ancha chuqur ochib beradi. "Haqiqat – oliy sharofatdir", – deyiladi "Avesto"da.
Kitobda insoniyat tarixini o'rganish, anglash va xulosa chiqarishga doir Abu Rayhon Beruniy, Ibn Xaldun, Ahmad Zaki Validiy To'g'onlarning qarashlari, ularning tarix falsafasiga oid g'oyalariga va o'ziga xos jihatlarga jiddiy e'tibor qaratilgan. Muallif Forobiyning fuqarolik jamiyati haqidagi qarashlari, davlat va jamiyat, siyosiy hokimiyat, uning legitimligi, xalqni ulug' maqsadlar yo'lida birlashtiruvchi g'oya to'g'risidagi fundamental qarashlarini ancha chuqur tadqiq etgan.
Forobiy qonunlarning mamlakat va kishilar hayotidagi ahamiyati katta ekanligiga ishora qiladi: "Agar shahar o'z qonunlari haqiqiy muhabbat, yuksak axloq, barkamol aqlga ega bo'lmasa, uning qismati halokat va parokandalik bo'ladi, agarda bu uch (go'zal nuqtalar) bo'lsa, albatta, u farovonlik va baxtga etishadi", - deydi.
Mazkur kitobda g'arb tarix falsafasining yirik namoyondalaridan Gegel, O.Kont, N.Ya.Danilevskiy, O.Shpengler A.Toynbi, P.A.Sorokin, K.Yaspers, K.Popperlarning asarlari ancha chuqur tadqiq etiladi. Jumladan, muallifning xulosasiga ko'ra, "Karl Yaspers qarashlarining asosiy yo'nalishini jahon tarixi birligi masalasi tashkil etadi va uni umuminsoniy qadriyat darajasiga ko'taradi.
Xullas, muallif e'tibor qaratgan mavzular talaygina. Unda tarixning ijodkori va bu mahobatli dramaning ijrochisi sifatida insonning botiniy va zohiriy tomonlari, olam va odam birligi, insoniyatning jahon taraqqiyotidagi o'rni, tarixning buyuk bunyodkorlik, yaratuvchanlik imkoniyatlari butun illatlari va fojealari bilan birga ilk marta tizimli tarzda o'rganiladi. Zotan, biz tarix falsafasini, uning butun mohiyatini har tomonlama chuqur tushunmasdan istiqbolimizni belgilay olmaymiz. Muallif aniq qilib ko'rsatib berganidek, "faqatgina ma'rifatgina inson hayotini asray oladi, jamiyat taraqqiyotini ta'minlaydi, umumiy manfaatlar atrofida odamlarni birlashtira oladi".
Professor N.Jo'raev xulosasiga ko'ra, birinchidan, ma'rifat kishi qalbida ezgulik tuyg'ularini uyg'otadi. Hayotga intilishlarini tartibga soladi, hayot mazmunini chuqurroq anglashga da'vat etadi. Olamni anglash, olamni tushunish, olamni idrok etish orqali odamning o'zini o'zi anglashi, o'zini o'zi idrok etishi va o'zini o'zi qadriyat sifatida tushunishga imkon beradi. Ikkinchidan, ma'rifatli kishini yo'ldan og'dirib bo'lmaydi. Ma'rifatli kishi bilan faqat yuksak ma'rifat orqaligina gaplashish yoki kelishish mumkin bo'ladi. Bunday odamlarda qat'iyat, iroda, yuksak axloq, ma'naviy etuklik fazilatlari mujassam bo'ladiki, u shaxs irodasini chiniqtiradi, charxlaydi, qat'iyatini oshiradi.
"Kitobdagi har bir fikr, uning ifoda etish usuli, mazmun-mohiyati tarixni anglash, tushunish orqali bugungi ko'p qutbli dunyoda hamma narsa ham bizga bog'liq bo'lmasligi va shunday murakkabliklar zamirida o'z o'rnimizga, ovozimizga ega bo'lishimiz, lozimligiga urg'u berildi. Davlatimiz oldida turgan ulug'vor maqsad va vazifalarini amalga oshirishi uchun irodasi mustahkam, qat'iyatli, bilimli, shijoatli, yuksak ma'naviyatli jamiyat qurish g'oyasi muhim ahamiyat kasb etadi", - xulosa qiladi muallif.
06.07.2009