12.uz - ''Grand Orzu'' mehmonhonasida BMT bolalar jamg'armasi UNISEF va Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi hamkorligida 'Bolalar ommaviy axborot vositalari - bolaning o'z fikrini ifoda etish huquqi'' mavzusidagi seminar-trening o'z ishini boshladi. Tadbir Bola huquqlari to'g'risidagi Konvensiya qabul qilinganiga 20 yil to'lgani munosabati bilan o'tkazilayotgan bo'lib, Toshkent shahrida 5 kun davomida, 9 noyabrga qadar davom etadi.
Seminarning ochilish marosimida UNISEFdan vakil Maxbub Sharif, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi direktori Gulnora Bobojonova, 'Oriyat dono'' radiosi bosh muharriri Iroda Ismolova nutq so'zlashdi. Tadbirda 6 ta viloyat va Toshkent shahridan 30 ta bola ishtirok etdi. Bola va uning huquqlariga bag'ishlangan tadbirda yoshlar, bolalar, hattoki 1-sinf o'quvchilari ham qatnashgani ahamiyatlidir. Tadbir davomida bolalar uchun interaktiv o'yinlar uyushtirildi.
Ma'lumki, Bola huquqlari to'g'risidagi Konvensiya 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan. O'zbekistonning Konvensiyaga qo'shilish sanasi 1992 yil 9 dekabr. Mazkur xalqaro hujjat 54 moddadan iborat bo'lib, 3 ta moddasi bevosita bolalar ommaviy axborot vositalari bilan bog'liq. Jumladan, 17 moddada 'Ishtirokchi davlatlar ommaviy axborot vositalarning muhim mavqeini e'tirof etadilar hamda bola turli xil milliy va xalqaro manbalarning axborotlari hamda materiallari, ayniqsa, ijtimoiy, ma'naviy va axloqiy farovonlikka, shuningdek, bolaning sog'lom, jismoniy va ruxiy rivojlanishiga ko'maklashishga qaratilgan axborotlardan bahramand bo'lishi ta'minlaydi'', deb ta'kidlanadi.
Konvensiyada qayd etilgan huquqlar tug'ilgan go'dakdan tortib 18 yoshga to'lgan bolalarga taaluqlidir. Bola huquqlari to'g'risidagi Konvensiyadan tashqari Bola huquqlari to'g'risidagi Jeneva Deklaratsiyasi, Bola huquqlari to'g'risidagi Deklaratsiya, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risida Xalqaro pakt va xalqaro tashkilotlar Nizomlari ham bola va uning huquqlarini himoya qiladigan hujjatlar hisoblanadi.
Ma'lumot o'rnida keltirishimiz mumkin, tadbir tashkilotchilaridan BMT bolalar jamg'armasi UNISEFning O'zbekistondagi faoliyati bolalar va ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan bo'lib, quyidagi huquqlarni amalga oshirishga yordam beradi:
- yuqori sifatli tibbiy hizmatdan foydalanish;
- yuqori sifatli va bepul boshlang'ich ta'lim olish hamda yuqori sifatli va imkon qadar bepul bo'lgan o'rta ta'lim olish;
- bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish;
- fikr-mulohazalarini erkin ifoda etish;
- jinsi, irqi, dinidan qat'iy nazar hamma uchun teng imkoniyatlarga ega bo'lish.
Seminar doirasida 'Klass'' bolalar gazetasining 80 yillik yubileyi bilan tabriklashdi, qatnashchi bolalarga UNISEFning sovg'asi topshirildi va bu mavzuni yoritish bo'yicha tanlov e'lon qilindi. Ishtirokchi yoshlar bilan birga guruhlarda ishlash davom etmoqda.
Muallif - Durdona Alimova
05.11.2009